
Raqobatni rivojlantirish va iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan farmatsevtika bozorida dori vositalarining belgilangan narxlarda sotilishini ta'minlash, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish hamda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat ishlari davom ettirilmoqda.
Qo’mita ma'lumotiga ko‘ra, dori vositalariga davlat tomonidan belgilangan cheklangan savdo ustamalarini oshirib qo‘llash holatlarini aniqlash maqsadida Soliq organlari axborot tizimlari hamda Qo‘mitaning "Fair Tech" yagona axborot tizimi o‘rtasida o‘zaro axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur tizim orqali 2026-yilning ikkinchi choragi davomida kelib tushgan ma'lumotlar asosida 237 ta dorixonada 148 810 ta holatda dori vositalariga belgilangan ustamalar asossiz ravishda oshirilgani aniqlandi.
Natijada iste'molchilardan 1,9 milliard so‘m miqdorida asossiz olingan mablag‘lar qayta hisob-kitob qilinib, iste'molchilar manfaatlarini tiklash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Shuningdek, Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi tomonidan hisobot davrida dori vositalari narxlarini qonunchilikda belgilangan tartibdan yuqori qo‘llaganligi sababli quyidagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga tegishli dorixonalarning farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyalari bekor qilingan:
➡️ "FARM EFFEKT" MCHJ
➡️ "PHARMA BREND" MCHJ
➡️ "GIPOFIZ FARM" MCHJ
➡️ "MAXSUDBEK BIZNES" XK
➡️ "THE GREAT FARM" MCHJ
➡️ "MEDEX GROUP PHARM" MCHJ
Eslatib o‘tamiz, dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishda davlat tomonidan belgilangan narxlarni shakllantirish tartibiga rioya etmaslik farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziyaning talab va shartlarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi. Bunday holatlar qonunchilikka muvofiq ma'muriy hamda litsenziyaga oid javobgarlik choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi fuqarolarni dori vositalarini xarid qilishda narxlarga e'tiborli bo‘lishga, belgilangan tartib buzilgan holatlar aniqlanganda esa vakolatli organlarga murojaat qilishga chaqiradi.