So'nggi yillarda mamlakatimizda farmatsevtika tizimini tubdan isloh qilish, aholini sifatli, xavfsiz va hamyonbop dori vositalari bilan ta'minlash, farmatsevtika bozorida sog'lom raqobat muhitini yaratish hamda iste'molchilar manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi.

Dori vositasi oddiy iste'mol mahsuloti emas. U inson salomatligi, ba'zan esa hayoti bilan bevosita bog'liq. Shu bois mazkur bozorda narxlarning asossiz oshirilishi nafaqat iqtisodiy qonunbuzarlik, balki ijtimoiy mas'uliyatning buzilishi sifatida ham baholanadi.

Prezidentimiz tomonidan farmatsevtika sohasida narxlarning shaffofligini ta'minlash, aholiga dori vositalarining iqtisodiy jihatdan maqbul narxlarda yetib borishini kafolatlash bo'yicha qator tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur islohotlarning muhim yo'nalishlaridan biri — dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalariga qat'iy rioya etilishini ta'minlashdir.

Zamonaviy nazorat tizimi samara bermoqda

Bugungi kunda davlat organlari o'rtasidagi raqamli integratsiya farmatsevtika bozoridagi qonunbuzarliklarni tezkor aniqlash imkonini yaratmoqda.

Xususan, Soliq organlari tomonidan aniqlangan dori vositalariga belgilangan savdo ustamalarining oshirib qo'llanilishi holatlari avtomatik tarzda Raqobat qo'mitasining "Fair Tech" yagona axborot tizimiga yuboriladi. Ushbu mexanizm inson omilini kamaytirish, nazoratning shaffofligini oshirish hamda barcha xo'jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan yagona yondashuvni ta'minlashga xizmat qilmoqda.

2025–2026-yillar hisobot davrida "Fair Tech" tizimi orqali kelib tushgan ma'lumotlar asosida olib borilgan nazorat tadbirlari natijasida 991 ta dorixonada, shundan 152 ta ulgurji va 839 ta chakana savdo subyektida, jami 414 305 ta holatda dori vositalariga belgilangan savdo ustamalari oshirib qo'llanilgani aniqlandi.

Natijada 8,5 milliard so'm miqdorida asossiz daromad olingani qayd etilib, iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi hamda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash bo'yicha tegishli choralar ko'rildi.

Bu raqamlar ayrim xo'jalik yurituvchi subyektlar tomonidan qonunchilik talablariga rioya etilmayotganini ko'rsatsa-da, ikkinchi tomondan davlat nazoratining samarali ishlayotganini ham yaqqol namoyon etadi.

Narxni sun'iy oshirish – litsenziya talablarini buzish hisoblanadi

Ko'pchilik narxni oshirib sotish faqat iqtisodiy huquqbuzarlik deb o'ylaydi.

Aslida esa farmatsevtika faoliyati litsenziyalanadigan faoliyat turi bo'lib, mazkur sohada faoliyat yuritayotgan har bir tadbirkor litsenziya talablari va shartlariga qat'iy amal qilishi shart.

Dori vositalariga belgilangan cheklangan savdo ustamalariga rioya qilmaslik ana shu majburiyatlarning buzilishi hisoblanadi. Shu sababli Raqobat qo'mitasi tomonidan aniqlangan bunday holatlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga belgilangan tartibda yuboriladi.

Markaz mutaxassislari har bir holatni alohida o'rganadi, retsept bilan beriladigan dori vositasini referent narxdan yuqori sotganligi litsenziya talab va shartini qo‘pol buzishga kiradi va Markaz o‘z vakolati doirasida dorixonaning litsenziyasini bekor qilish yuzasidan sudga murojaat qiladi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni qo'llaydi.

Litsenziya – ishonch belgisi

Farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya davlatning tadbirkorga bildirgan ishonchidir. Bu ishonchni oqlash esa tadbirkordan qonunchilikka rioya qilishni, iste'molchi manfaatlarini ustuvor qo'yishni va halol faoliyat yuritishni talab qiladi.

Afsuski, ayrim tadbirkorlik subyektlari qisqa muddatli iqtisodiy manfaatni ko'zlab, ushbu tamoyillarni buzmoqda. 2025–2026-yillar davomida narxlarni sun'iy oshirgani aniqlangan ayrim dorixonalarning litsenziyalari bekor qilingani bu boradagi davlat siyosati qat'iy ekanini ko'rsatadi.

Xususan, "FARM EFFEKT" MChJ, "PHARMA BREND" MChJ, "GIPOFIZ FARM" MChJ, "MAXSUDBEK BIZNES" XK, "THE GREAT FARM" MChJ hamda "MEDEX GROUP PHARM" MChJning farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalari dori vositalari narxlarini belgilangan tartibni buzgan holda oshirgani sababli bekor qilindi.

Bu qarorlar boshqa xo'jalik yurituvchi subyektlar uchun ham muhim ogohlantirish vazifasini o'taydi.

Nazorat bilan birga profilaktika ham muhim