“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi botulinotoksin saqlovchi davlat ro‘yxatidan o‘tmagan “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” mahsulotlari qo‘llanilishi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan fuqarolarni yana bir bor ogohlantiradi.

Avval xabar qilinganidek, mazkur mahsulotlar qo‘llanilishi oqibatida fuqarolarda jiddiy nojo‘ya reaksiyalar kuzatilgani sababli aholi ogohlantirilgan edi. Hozirgi vaqtda ushbu holatlar yuzasidan o‘rganish va nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

image.png

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga qadar ushbu mahsulotlar kosmetologik maqsadlarda qo‘llanilganidan so‘ng og‘ir nojo‘ya reaksiyalar kuzatilgan fuqarolar soni 50 nafarga yaqinlashgan. Ayrim bemorlarda botulizmga xos klinik belgilar aniqlanib, ularga statsionar sharoitda zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Hozirda vakolatli organlar tomonidan mazkur holatlar yuzasidan har tomonlama o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, mahsulotlarning kelib chiqishi, mamlakat hududiga olib kirilishi va O‘zbekiston Respublikasidagi muomalasi bilan bog‘liq holatlar aniqlashtirilmoqda.

Yana bir bor eslatib o‘tamizki, “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” hamda “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan. Shu sababli ularning xavfsizligi, sifati va samaradorligi vakolatli organ tomonidan baholanmagan.

Shu munosabat bilan fuqarolardan quyidagi tavsiyalarga qat’iy amal qilish so‘raladi:

Agar mazkur mahsulotlar xarid qilingan yoki qo‘llanilgan bo‘lsa, ulardan foydalanishni darhol to‘xtatish hamda shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.

Mahsulot qo‘llanilgandan so‘ng ko‘rishning xiralashishi, qovoqlarning osilishi, yutinish yoki gapirishning qiyinlashishi, mushaklar kuchsizligi, nafas olishning qiyinlashishi kabi alomatlar kuzatilgan taqdirda zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.

“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi fuqarolarni o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashishga, dori vositalari va tibbiy mahsulotlarni faqat qonuniy savdo tarmoqlari orqali xarid qilishga hamda shubhali mahsulotlar aniqlangan hollarda vakolatli organlarga zudlik bilan murojaat qilishga chaqiradi.