image.png

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida Afg‘oniston Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi (AFDA) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Markaz direktori Alisher Temirov boshchiligidagi mutaxassislar hamda AFDA raisi Zahid Hamdullah boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘zaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Muloqot avvalida tomonlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirish, tartibga solish tizimlarini takomillashtirish va aholini sifatli, xavfsiz hamda samarali dori vositalari bilan ta’minlash yo‘lidagi hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

image.png

Uchrashuv davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining faoliyati, tashkiliy tuzilmasi, dori vositalari va tibbiy buyumlarni davlat tomonidan tartibga solish tizimi, zamonaviy sifat nazorati laboratoriyalari, sifat menejmenti tizimi hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil taqdimot o‘tkazildi.

Shuningdek, AFDA nazorat laboratoriyalarining texnik salohiyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilinib, Markaz mutaxassislari tomonidan Afg‘onistonda texnik audit o‘tkazish, laboratoriyalarning mavjud infratuzilmasi va tahliliy imkoniyatlarini baholash hamda baholash natijalari asosida zarur laboratoriya uskunalari ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

image.png

Tomonlar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyalarini Afg‘oniston bozori uchun mo‘ljallangan dori vositalari va tibbiy jihozlar sifatini nazorat qilish bo‘yicha referens laboratoriyalar sifatida belgilashga oid Bitim loyihasini ham muhokama qildilar.

Uchrashuvda tartibga solish yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha mas’ul vakillarni belgilash, regulyator axborotlari va normativ-huquqiy hujjatlar bilan muntazam almashish mexanizmini yaratish, farmakonazorat tizimi hamda dori vositalarining nojo‘ya reaksiyalariga oid ma’lumotlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan muntazam texnik maslahatlashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

**Telegram | Facebook | Instagram | Youtube**