image.png

Joriy yilning 9-iyul kuni “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi hamda Indoneziya Respublikasining Dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish agentligi (BPOM) vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Global Benchmarking Tool (GBT) dasturi doirasida milliy regulyator tizimini baholash jarayoniga tayyorgarlik hamda kelgusida WHO Listed Authority (WLA) maqomiga erishish yo‘lidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, Indoneziyaning Dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlarini nazorat qilish agentligi (BPOM) — Indoneziyada dori vositalari, vaksinalar, tibbiy mahsulotlar, biologik preparatlar, oziq-ovqat hamda kosmetika mahsulotlarining sifati, xavfsizligi va samaradorligini davlat tomonidan nazorat qiluvchi vakolatli regulyator organ hisoblanadi.

Agentlik mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ishlab chiqarish va muomalasini nazorat qilish, inspeksiya, laboratoriya sinovlari, farmakonazorat hamda iste'molchilar salomatligini himoya qilishga qaratilgan nazorat tadbirlarini amalga oshiradi. BPOM Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) bilan yaqin hamkorlik qiladi va WHO Global Benchmarking Tool (GBT) baholash tizimi bo‘yicha Maturity Level 3 (ML3) darajasiga erishgan nufuzli milliy regulyator organlardan biri sanaladi. Shu bois uning tajribasi boshqa davlatlar, jumladan O‘zbekiston milliy regulyator tizimini takomillashtirishda muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuvda Markaz vakillari mamlakatda dori vositalari va tibbiy buyumlar muomalasini davlat tomonidan tartibga solish tizimi, amalga oshirilayotgan institutsional va normativ-huquqiy islohotlar, shuningdek, milliy regulyator tizimini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti talablariga muvofiqlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi. Alohida e'tibor milliy regulyator tizimini yetuklikning uchinchi darajasi (Maturity Level 3)ga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi.

BPOM mutaxassislari esa Indoneziyaning samarali regulyator tizimini shakllantirish tajribasi, ML3 darajasiga erishish bosqichlari hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlab, erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston milliy regulyator tizimini takomillashtirish hamda WHO Listed Authority maqomiga erishish jarayoniga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.