image.png

Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar dori vositalari reklamalari uchun eng faol axborot maydonlaridan biriga aylandi. Oq xalat kiygan yoki o‘zini shifokor sifatida tanishtirayotgan shaxslar ishtirokidagi videolar, "100 foiz kafolatlangan natija", "bir haftada tuzalasiz" kabi va'dalar bilan berilayotgan reklamalar ko‘plab fuqarolarda ishonch uyg‘otmoqda. Natijada ayrim hollarda odamlar mutaxassis tavsiyasisiz dori vositalarini qabul qilishga, biologik faol qo‘shimchalarni esa dori o‘rnida iste'mol qilishga moyillik bildirmoqda.

Aslida esa bunday yondashuv sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirishi, kasallikning og‘irlashishiga yoki nojo‘ya reaksiyalarga olib kelishi mumkin. Shu bois aholida dori vositalaridan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirish, o‘zini o‘zi davolashning oldini olish hamda chalg‘ituvchi reklama belgilarini farqlash ko‘nikmalarini rivojlantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

Ayni maqsadda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan "Reklamaga emas, haqiqatga ishoning!" shiori ostida targ‘ibot oyligi o‘tkazilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida fuqarolarga dori vositalari reklamasiga oid amaldagi qonunchilik talablari, reklamalarda uchraydigan manipulyativ usullar hamda dori vositalarini xavfsiz va oqilona qo‘llashning ahamiyati haqida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Targ‘ibot oyligi doirasida ushbu masalalar yuzasidan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Farmakologik nazorat bo‘limi boshlig‘i Sabohat Hayitova bilan suhbatlashdik.

image.png

— Sabohat Mamadiyorovna, ijtimoiy tarmoqlarda aynan oq xalat kiygan insonlar ishtirokidagi reklamalarning ko‘payishini qanday baholaysiz? Bu oddiy marketing usulimi yoki jiddiy muammomi?

— Bu shunchaki marketing usuli emas. Gap odamlarning sog‘lig‘i haqida ketayotgan ekan, har qanday reklama mas'uliyat bilan tayyorlanishi kerak. Afsuski, bugun ayrim reklama beruvchilar odamlarning shifokorlarga bo‘lgan tabiiy ishonchidan tijoriy maqsadlarda foydalanmoqda.

Oq xalat ko‘pchilik uchun professional bilim, tajriba va ishonch ramzi hisoblanadi. Natijada reklamadagi shaxsning haqiqatan ham shifokor yoki mutaxassis ekanligini tekshirmasdan, uning tavsiyalariga amal qilayotgan fuqarolar ko‘paymoqda. Eng xavflisi shundaki, ayrim hollarda bunday tavsiyalar odamlarni shifokorga murojaat qilish o‘rniga o‘zini o‘zi davolashga undaydi.

— Ko‘pincha biologik faol qo‘shimchalar ham dori vositasi kabi reklama qilinmoqda. Aslida ularning huquqiy va tibbiy maqomi qanday?

— Bu yerda juda muhim farq bor. Biologik faol qo‘shimchalar dori vositasi hisoblanmaydi. Ular kasallikni davolash, tashxis qo‘yish yoki oldini olish uchun mo‘ljallanmagan.

Lekin ayrim reklamalarda biologik faol qo‘shimchalar deyarli barcha kasalliklarga davo sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu esa iste'molchini chalg‘itadi. Inson dori vositasi o‘rniga biologik faol qo‘shimchani qabul qilib, vaqtni boy berishi, natijada kasallik og‘irlashishi mumkin.

— Ayrim blogerlar yoki o‘zini shifokor sifatida tanishtirayotgan shaxslar "Men tavsiya qilaman", "Bemorlarimga faqat shuni yozaman" degan mazmundagi videolarni joylashtirmoqda. Bunga qonunchilik qanday qaraydi?

— Amaldagi qonunchilik bu masalada juda aniq talablarni belgilagan. Dori vositalari reklamasida taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko‘rinishi shifokorga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bundan tashqari, olimlar yoki tibbiyot xodimlarining tavsiyalari, bemorlarning minnatdorchiliklari yoki "ichdim va tuzaldim" mazmunidagi shaxsiy tajribalar reklama vositasi sifatida qo‘llanilishi ham taqiqlanadi. Chunki bunday usullar ilmiy dalillarga emas, insonning hissiyotiga ta'sir qilish orqali mahsulotni sotishga xizmat qiladi.

— Reklamalarda eng ko‘p uchraydigan manipulyatsiyalar nimalardan iborat?

— Odatda bunday reklamalarda odamning hissiyotiga ta'sir qiladigan iboralar qo‘llaniladi. Masalan, "100 foiz kafolatlangan natija", "bir haftada tuzalasiz", "barcha kasalliklarga davo", "hech qanday nojo‘ya ta'sir yo‘q" kabi va'dalar shular jumlasidandir.

Yana bir usul — "oldin va keyin" tasvirlari yoki qo‘rqinchli kasallik manzaralarini ko‘rsatish orqali odamni mahsulotni sotib olishga ruhiy jihatdan majburlashdir. Qonunchilik aynan shunday usullardan foydalanishni cheklaydi.

— Nega bunday reklamalarga ishonish xavfli?

— Chunki har bir inson organizmi o‘ziga xos. Bir bemorga foyda bergan dori boshqasiga umuman samara bermasligi yoki aksincha, jiddiy nojo‘ya reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.