image.png

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzurida faoliyat yuritayotgan Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash klubida tibbiy buyumlar va tibbiy texnika mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda import qilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-avgust — Tadbirkorlar kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan VI ochiq muloqotiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi hamkorligida tashkil etildi.

image.png

Ochiq muloqot davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari tomonidan tibbiy buyumlar va tibbiy texnika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, muvofiqlikni baholash, sifat va xavfsizlik talablarini ta’minlash, tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar hamda sohada amalga oshirilayotgan raqamlashtirish ishlari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmoni asosida tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlar va ularning amaliy natijalari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

image.png

Muloqot chog‘ida tibbiy buyumlar va tibbiy texnika mahsulotlarining ishlab chiqarishdan iste’molchigacha bo‘lgan zanjiridagi dolzarb masalalar, mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirish, eksport salohiyatini kengaytirish hamda ichki bozorda sifatsiz mahsulotlar realizatsiyasining oldini olish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

image.png

Tadbirkorlik subyektlari vakillari Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan murojaatlar bilan ishlash tizimi, ochiqlik tamoyili, amaliy-uslubiy ko‘mak va maslahatlar berish amaliyoti so‘nggi yillarda sezilarli darajada takomillashganini alohida e’tirof etdilar. Xususan, mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, normativ hujjatlar bo‘yicha tushuntirishlar berish hamda ishlab chiqaruvchilar bilan doimiy muloqot yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorlik faoliyatini yanada samarali tashkil etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

image.png

Uchrashuv davomida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama qilinib, ularni amaliyotga tatbiq etish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqildi.

Ta’kidlanganidek, bunday ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi konstruktiv hamkorlikni yanada mustahkamlash, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika bozorida sifat hamda xavfsizlikni ta’minlash, sohani xalqaro talablar asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.

image.png

image.png