Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 322-son qaroriga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash bo‘yicha tajriba loyihalari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayon doirasida mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning markirovkalash tizimiga tayyorgarligini ta’minlash maqsadida amaliy o‘rganish va uslubiy ko‘mak ishlari olib borilmoqda.

IMG_20260720_101539.jpg

Shu munosabat bilan “Tibtexnika” MCHJning murojaati asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining Maxsus raqamli markirovkalashni joriy etish bo‘limi mutaxassislari tomonidan korxonaga tashrif amalga oshirildi.

““Tibtexnika” MCHJ Buxoro shahrida faoliyat yurituvchi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona bo‘lib, 2020-yildan buyon zamonaviy kam invaziv kardioxirurgiyada qo‘llaniladigan koronar stentlar va boshqa endovaskulyar tibbiy buyumlarni ishlab chiqarib kelmoqda. Korxona ichki bozorni sifatli va zamonaviy tibbiy mahsulotlar bilan ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlarini xalqaro talablar asosida takomillashtirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratib kelmoqda.

image.png

Tashrif davomida korxonaning ishlab chiqarish quvvati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi hamda raqamli markirovkalash tizimini joriy etishga tayyorgarlik darajasi o‘rganildi. Shuningdek, tajriba loyihasi doirasida markirovkalash jarayonining asosiy bosqichlari, tizimning afzalliklari, amaldagi talablar hamda ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

image.png

Mutaxassislar tomonidan korxona vakillariga “Asl belgisi” milliy axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tish, mahsulot kartochkalarini yaratish, ularni tizimga kiritish hamda markirovkalash kodlarini qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, markirovkalangan mahsulotlarni realizatsiya qilish jarayonida axborot tizimidan samarali foydalanish, ishlab chiqarish va savdo jarayonlarini tizim bilan integratsiya qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Korxona vakillari markirovkalash tizimini ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etishda texnik ko‘mak ko‘rsatuvchi integratorlar faoliyati bilan tanishtirildi hamda ularning xizmatlaridan foydalanish tartibi yuzasidan tavsiyalar berildi.

image.png

Mazkur amaliy o‘rganish korxonaning majburiy raqamli markirovkalash tizimiga tayyorgarligini mustahkamlash, mahsulotlar kuzatuvchanligini ta’minlash, soxta mahsulotlar muomalasining oldini olish hamda tibbiy buyumlar bozorida shaffoflikni yanada oshirishga xizmat qiladi.